Videodan kadr
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi bankomatlarning biri ichida pullari bilan yonayotganligi aytilgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 27-yanvar kuni soat 23:58 atrofida Qarshi shahar Favqulodda vaziyatlar boʻlimiga Qarshi shahar “Xoʻjaxiyol” MFY, “Qarliqbogʻot” koʻchasida yongʻin sodir boʻlayotganligi toʻgʻrisida xabar kelib tushgan.
Xabarga koʻra, yongʻin sodir boʻlgan manzilga 2 ta yongʻin-qutqaruv boʻlinmasi 00:05 da yetib borgan va soat taxminan 00:33 atrofida yongʻin toʻliq oʻchirilgan.
Yongʻindan fuqaro X.B ga tegishli yengil tipda qurilgan kichik hajmli savdo (savdo doʻkoni emas) rastasining 6 metr kvadrat va unga yondosh “Qishloqqurilishbank”ga tegishli boʻlgan bankomat (naqd pul yechish uchun moʻljallangan xona) qurilmasining 4 metr kvadrat maydon qismi zarar koʻrgan.
Yongʻindan hech kim tan jarohati olmagan. Hozirda yongʻin sababi va zarari aniqlanmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling