Buxoroda “Sinepar” siropidan bolalar vafot etgani haqida yolg'on xabar berilishi yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atildi

Avvalroq, Buxorodagi yangiliklarni berib boruvchi Telegram-kanalda mazkur xabar eʼlon qilingandi

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Kuni kecha Bukhara News Telegram-kanalida “Sinepar” siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani haqida xabar eʼlon qilingandi. Shundan soʻng, SSV mazkur holat haqiqatga zid ekanligini maʼlum qilib, oʻrganishlar davomida Buxoro viloyatidagi tibbiyot muassasalarida davolangan bolalarda ushbu preparatni qabul qilish tufayli hech qanday oʻlim holati kuzatilmaganini maʼlum qildi.

Buxoro viloyati prokuraturasining xabar qilishicha, mazkur Telegram-kanal tomonidan maʼlumotlarning haqqoniyligi oʻrganilmasdan videomurojaat eʼlon qilinganligi oqibatida aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan maʼlumotlar tarqatilganligi holati boʻyicha JKning 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlarini olib borish viloyat IIBga yuklatildi. Tergov jarayoni toʻgʻrisida qoʻshimcha axborot beriladi.

Maʼlumot uchun, mazkur moddada eng kam ish haqining 70 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda yoki 6 oygacha qamoq yohud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi koʻrsatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling