Toshkentda ochiq-cochiq kiyinib yuradigan ayollarni tanqid qilgan talaba qiz jarimaga tortildi

U ayollarga videomurojaat qilib, videoni ijtimoiy tarmoqqa joylagan. IIV holatga munosabat bildirdi.

Videodan kadr

Videodan kadr

2023-yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda arab davlatlarida keng tarqalgan “burqa” kiygan nomaʼlum ayolning “Ayollar ehtiyot boʻling” nomli videolavhasi tarqaldi. Unda ayollarning tashqi koʻrinishi tanqidga olingani aks etgan. IIV mazkur videoga munosabat bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu holat yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida mazkur videorolik muallifi 2003-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, poytaxtdagi oliy taʼlim muassasalarining birida tahsil oluvchi Q.Sh. ekanligi aniqlandi va 2023-yil 2-mart kuni Shayxontohur tumani IIO FMBga taklif etilgan.

Suhbat davomida fuqaro ijtimoiy tarmoqda ayollarning tashqi koʻrinishiga oid munosabatini shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda xorijiy saytlarning biridan olingan materiallar asosida bildirganligini, hozirgi kunda uy sharoitida videolavhada koʻrsatilgan noanʼanaviy ayollar liboslarini (burqa) tikish va aholiga sotish bilan shugʻullanishini maʼlum qilgan.

“Shunday ekan, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar oʻzlarining diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha koʻrinishda shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas.

”Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida»gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakatda hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi. Ushbu qonunning 5-moddasiga koʻra, mamlakatda vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklaridan biri sifatida jamoat tartibiga, fuqarolarning sogʻligʻi va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy gʻoyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qoʻyilgan", - deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan, sud idoralari tomonidan fuqaro Q.Sh.ga nisbatan MJtKning 1842-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida (15 mln soʻm) jarima jazosi tayinlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling