Surxondaryoda qo'lbola usulda paxta yog'i ishlab chiqargan 76 yoshli otaxon sudlandi

U bundan avval ham xuddi shunday jinoyatda ayblanib, unga 1,5 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan

Videodan kadr

Videodan kadr

Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudida muqaddam sudlangan 76 yoshli shaxsga nisbatan jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Bu haqda IIV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, 76 yoshli otaxon qonunga xilof ravishda moyjuvozda yogʻ ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tekshiruv chogʻida 15 kilogramm paxta yogʻi, 41 kilogramm chigit mahsuloti va qoʻlbola jihozlar topdi.

Sud chogʻida maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi avval ham xuddi shunday jinoyatda ayblanib, unga 1,5 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Ammo, u jazo tugashidan 11 oy oldin shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan.

Sud otaxonga JKning tegishli moddalari bilan 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Ammo sudlanuvchi suddan yengillik soʻragani va uning yoshini hisobga olib, unga ikki yillik sinov muddati berildi. Agar qoidabuzarlik takrorlansa, u toʻrt yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling