Farhod Mannapovning oʻlimi yuzasidan jinoyat ishi qayta malakalandi — Bosh prokuratura

Dastlabki qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yengilroq jazoni nazarda tutuvchi modda bilan malakalandi.

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Farhod Mannapovning oʻlimi bilan bogʻliq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, tergov davomida jarrohlik amaliyotini oʻtkazgan klinika shifokorlari, anesteziolog hamda marhumning tanishlari, shuningdek, jami 15 nafar shaxs guvoh tariqasida soʻroq qilingan. Shu bilan birga, jinoyat ishi boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligiga tayinlangan xizmat tekshiruvi xulosasi olinib, jinoyat ishi hujjatlariga qoʻshilgan.

Bundan tashqari, jinoyat ishi doirasida murakkab ekspertizalarni oʻtkazish jarayoni ketmoqda.

Dastlab olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida 2013-yilda ushbu klinikada yana bir shaxs jarrohlik amaliyoti vaqtida vafot etganligi haqida koʻrsatma olingan. Biroq, tergov davomida ushbu vaj oʻz tasdigʻini topmaganligi sababli jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “a” bandidan 116-moddasi 3-qismiga qayta malakalangan.

Barcha zarur tergov harakatlari oʻtkazilganidan soʻng ish boʻyicha qonuniy toʻxtamga kelinadi.

Maʼlumot uchun, Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “a” bandida 5 yildan 8 yilgacha, 3-qismida esa 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Eslatib oʻtamiz, vayner mart oyining 5 kuni burnini operatsiya qilinishi chogʻida koma holatiga tushib qolib, qayta oʻziga kelmagandi.

Oʻshanda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-kismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling