t.me/abdumalikovich_uzb
Xorazmda Adliya va FVB boshliqlari mexribonlik uyida tarbiyalanuvchi 15-16-17 yoshli qizlar bilan 10 oy davomida jinsiy aloqada boʻlib kelgani maʼlum boʻldi. Bu haqda Nemolchi.uz loyihasi maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, mehribonlik uyi mudirasi oʻz gʻamxoʻrligi ostida boʻlgan uch qizni tanlab olib, 10 oy davomida (2021-yil maydan 2022-yil fevralga qadar) moddiy manfaat uchun viloyat Adliya boshqarmasi va tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshliqlari bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan.
“Oilaviy mehribonlik uyida davlat qaramogʻiga olingan qizlar qattiq jazolanar, ovqatdan mahrum qilinar va katta yoshli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilish uchun majbur qilingan. Buning uchun amaldorlar yangi ”ona“ning muammolarini hal qilib, uning tomonidan qonun buzilishi holatlariga koʻz yumib kelgan”, - deyiladi xabarda.
2022-yilning sentyabr oyida mazkur holat yuzasidan sud majlisi boʻlib oʻtgan.
Unga koʻra, birinchi instansiya sudi mehribonlik uyi mudirasini Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi, 167-moddasi 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Sud unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi va favqulodda vaziyatlar boʻyicha tuman boshqarmaci boshligʻi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ularning har ikkisiga 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Oʻz navbatida Adliya vazirligi ham holatni keskin qoralab, oʻz munosabatini bildirdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda qayd etilgan vazirlik hududiy boshqarmasi rahbarining na qonunlarga, na axloq va qadriyatlarga mos kelmaydigan harakatlari bizni chuqur larzaga soldi. Ushbu jinoiy harakat haqida bizga maʼlum boʻlgan vaqtidayoq u lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan tegishli sud hukmi chiqarilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Qonunchilikka koʻra, sudlar oʻz faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi, oʻz hukm-qarorlarini mustaqil ravishda chiqaradi. Shu sababli Adliya vazirligi sobiq xodimga nisbatan sud hukmini sharhlash vakolatiga ega emas”, - deyiladi munosabatda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling