Namanganda niqobli xodimlar voyaga yetmagan qizni zo'rlagani aytilayotgan fuqaroning uyiga bostirib kirishdi — video

Maʼlum boʻlishicha, mazkur uyda yashovchi 34 yoshli shaxs voyaga yetmagan qizni zoʻrlab, qochib ketgan. Xodimlar uni ushlamoqchi boʻlib, uyiga borganida uning yaqinlari bunga faol qarshilik koʻrsatishgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Namangandagi xonadonlarning biriga niqobli IIO xodimlari bostirib kirib, xonadonda boʻlgan ayollarni kaltaklagani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan IIV maʼlumot berdi.

Maʼlum qilinishicha, xodimlar xonadonga shu yerda yashovchi 1989-yilda tugʻilgan Sh.U.ni qoʻlga olish uchun kirishgan. Vazirlik bergan maʼlumotda, Sh.U. joriy yilning 1-aprel kuni soat 23:30 larda Namangan shahrining Bobur bogʻida voyaga yetmagan qizni taksi sifatida uyiga olib borib qoʻyishini aytib, aldab, nomaʼlum manzildagi xonadonga olib borgan va zoʻrlik ishlatib, nomusiga tekkan.

“Sh.U.ning jinoyatga oid harakatlari Bobur bogʻi va atrof koʻchalardagi kuzatuv kameralarida aks etgan. Shuningdek, hozirda jabrlanuvchining kiyimlari, badanidagi tan jarohatlari va zoʻrlik alomatlari yuzasidan tegishli sudga oid tibbiy ekspertizalar tayinlangan”, - deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan JKning 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Jinoyat sodir etishda gumonlangan Sh.U.ni qoʻlga olish maxsus tadbiri jarayonida oila aʼzolari tomonidan xodimlarga faol qarshilik koʻrsatilishi oqibatida gumonlanuvchi yashirinishga muvaffaq boʻlgan.

Shuningdek, Sh.U. joriy yilning 27-mart kuni Namangan shahar Yoshlar majmuasi yonidagi chorrahada velosipedda harakatlanib ketayotgan vaqtida “VAZ-2106” rusumli avtomashinada harakatlanib ketayotgan ikki nafar yosh yigitlarni yoʻlni toʻsganliklarini bahona qilib, doʻpposlab, voqea joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan ham gumonlanuvchi Sh.U.ga nisbatan JKning 277-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Taʼkidlanishicha, Sh.U. “epilepsiya kasalligi bilan bogʻliq shaxsiyatning chuqur buzilishi, birlamchi generalizatsiyalashgan talvasa xurujlari” tashxisi bilan Namangan viloyat ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi 3-majburiy davolash boʻlimida nazoratda turadi. U muqaddam JKning bir qator moddalari bilan sudlangan.

IIV mazkur fuqaroni uchratgan shaxslar ehtiyot boʻlishlarini hamda darhol “102” qisqa raqamiga yoki yaqin atrofdagi huquq-tartibot organ xodimlariga xabar berishlarini soʻragan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling