Foto: Minikar.ru
Oʻzbekistonda voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilganlar amnitsiyaga tushmasligi kutilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalarning huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasida qayd etilgan.
Unga koʻra, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zoʻravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oila institutini mustahkamlash, maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilashga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surilmoqda.
Qayd etilishicha, 18 yoshga toʻlmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish, unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, fohishalikka jalb qilish, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Xususan, ularga nisbatan:
- jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish qoʻllanilmaydi;
- ayolni homilasini sunʼiy tushirishga majburlash, nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, 16 yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish uchun jazo ogʻirlashtirilmoqda;
- shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik (intim hayot daxlsizligini buzish) uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda;
- jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish: uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi soʻzlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash, shahvoniy maylni koʻrsatuvchi harakatlar qilish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda;
- shaxsning hayoti va sogʻligʻi, erkinligi, shaʼni va qadr qimmatiga, Oʻzbekiston Respublikasiga, tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganlarga xizmat koʻrsatiladigan taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarida ishlashi taqiqlanmoqda.