Samarqand va Jizzaxda gazdan noqonuniy foydalanib, davlatga 350 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazganlar aniqlandi

Ularga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atildi

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Samarqand va Jizzax viloyatida elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanib, davlatga 350 million so‘mdan ortiq zarar keltirganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, bosh prokuratura huzuridagi departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “Yakkabog‘” mahallasidagi uyda fuqaro M.Sh. umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan ulab, 81,1 ming kVt/s elektr energiyasini noqonuniy sarflagani aniqlangan. Shuningdek, ushbu xonadon xo‘jalik binosida fuqaro A.A. 52,1 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 144,3 million so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Bundan tashqari, departamentning Urgut tuman bo‘limi tomonidan tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda yana bir shu kabi holat aniqlandi. “Q.A.” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga xo‘jalikning 2 dona suv nasosini o‘zboshimchalik bilan ulab, 267 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 120,1 million so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Sharof Rashidov tuman bo‘limi tomonidan “Hududgaz Jizzax” GTF shahar gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda yana bir holat aniqlangan. “M.A.” oilaviy korxonasiga qarashli issiqxonada gaz hisoblash uskunasiga tashqaridan ta’sir o‘tkazilib, 119,1 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 119,1 million so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling