Jizzaxda kepka va jilet kiyib, video olgan vaynerlarni qamagan sud qarori noqonuniy boʻlib chiqdi

Sud vayner kiygan kepka va jiletni IIO xodimining xizmat formasi deya atab, vaynerlarga qamoq jazosi tayinlagandi.

Foto: Uznews

Foto: Uznews

Avvalroq, Jizzaxda ikki nafar vayner YPX xodimlari haqida video olib, videoda vaynerlardan biri kepka va jilet kiyib rol ijro etgandi. Shundan soʻng, Jinoyat ishlari boʻyicha Gʻallaorol tuman sudi kepka va jilet IIO xodimining xizmat formasi ekanini bildirib, vaynerlarga 10-15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlagandi.

Viloyat prokuraturasining maʼlum qilishicha, mazkur holat qayta oʻrganib chiqilganda, sud qarori noqonuniy tayinlangani aniqlangan. Shu sababli, Gʻallaorol tumani prokuraturasi tomonidan qarorni bekor qilish yuzasidan apellyatsiya tartibida protest keltirildi.

“Protestga asosan maʼmuriy ish Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqilib, vaynerlarning harakatlarida huquqbuzarlik alomatlari mavjud emas deb topilib, ular sud zalidan qamoqdan chiqarilgan holda buzilgan huquqlari tiklanishi taʼminlandi”, - deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling