Rossiyalik 61 yoshli chang'ichi Chimyonda qor ko'chkisi ostida halok bo'ldi

Olib borilgan qidiruv ishlari davomida changʻi uchuvchisining jasadi qor uyumlari ostidan chiqarib olingan

Foto: Magnus Lindkvist

Foto: Magnus Lindkvist

Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chimyon togʻlarida rossiyalik chang'ichi qor ko'chkisi ostida halok bo'ldi. Bu haqda FVV xabar berdi.

Qayd etilishicha, 4-yanvar kuni soat 13:20 atrofida Boʻstonliq tumani Chimyon togʻ yonbagʻirlariga dam olish va changʻi uchish maqsadida chiqqan 61 yoshli Rossiya Federatsiyasi fuqarosi qor koʻchkisi xavfi toʻgʻrisidagi ogohlantirishlarga qaramay, taqiqlangan hududda changʻi uchib, qor koʻchkisi xavfini yuzaga keltirgan va qor uyumlari ostida qolib halok boʻlgan.

Unga koʻra, hodisa sodir boʻlgan joyga Toshkent viloyati FVB Boʻstonliq tumani Ixtisoslashgan koʻp tarmoqli boshqarmasi Chimyon qutqaruv otryadi qutqaruvchilari yetib borgan. Olib borilgan qidiruv ishlari davomida changʻi uchuvchisining jasadi qor uyumlari ostidan chiqarib olingan.

“Favqulodda vaziyatlar vazirligi barcha dam oluvchilardan texnik xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni, taqiqlangan hududlarda changʻi uchmaslikni va ehtiyotkorlik choralarini koʻrishlarini soʻraydi”, — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling