Toshkentda homilador ayolini boʻgʻib oʻldirgan erkak 18 yilga qamaldi — video

Aniqlanishicha, marhumaning qornida boʻlgan egizak chaqaloqlari ham nobud boʻlgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

Toshkentda 2 nafar farzandining onasi boʻlgan turmush oʻrtogʻini boʻgʻib, oʻldirgan erkakka sud hukmi oʻqildi. Bu haqda “Millar” dasturi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, holat 2022-yilning oktyabr oyida Chilonzor tumani 20-mavzeda sodir boʻlgan.

1990-yilda tugʻilgan sudlanuvchi 1992-yilda tugʻilgan ayoli bilan 2016-yilda oila qurgan. Avvaldan er-xotin oʻrtasida turli janjallar boʻlib turgan. Shu sababli erkak ayolini oʻldirish maqsadida jinoiy reja tuzgan.

Aniqlanishicha, erkak Chilonzor tumanidagi chiqindixonalardan birida ishlab kelgan.

“Men kvartiraga borganimda, ”musur“ingni tit deb, meni haqorat qildi. Men oʻzimni bilmagandim, u holatni eslay olmayman”,- deydi sudlanuvchi.

Erkak ayolini boʻgʻib oʻldirgandan soʻng, uni hushidan ketgan deb oʻylaydi. Yuziga suv sepib, uygʻotmoqchi boʻladi. Lekin ayol ham uning vujudidagi 2 nafar homilasi ham vafot etadi.

“12-oktyabrda bizga qizimni oʻlgani toʻgʻrisida xabar keldi. 15-oktyabrda oʻzi farzandlarini dunyoga keltirishi kerak edi”,- deydi marhumaning onasi.

Mazkur holat yuzasidan sud ishi JIB Chilonzor tuman sudida koʻrib chiqildi. Unga koʻra, sudlanuvchiga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling