Foto: Repost.uz
Yangi ish boshlagan shifokorlarga 1 mln soʻmgacha ustama beriladi. Bu haqda Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan Tibbiyot muassasalarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda qayd etilgan.
Nizomga koʻra, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi 2 yoʻnalish boʻyicha sarflanadi:
- 75 foizi barcha davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga;
- 25 foizi tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish hamda taʼmirlashga.
Tibbiyot muassasasi xodimlariga moddiy ragʻbatlantirishning quyidagi turlari qoʻllaniladi:
- tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
- yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 mln soʻmgacha maxsus oylik ustamalar;
- oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qoʻshimcha ustamalar;
- tibbiyot muassasalari barcha xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofot pullari, shuningdek moddiy yordam pullari.
Oylik foizli ustamalar tibbiyot muassasasi xodimlarini reyting baholash tizimi asosida amalga oshiriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling