Bugun, 16-yanvar kuni soat 11:30 da Termiz shahri Shimoliy darvoza koʻchasi 15-uyda joylashgan Termiz davlat universiteti akademik litseyi binosini isitishga moʻljallangan qozonxonada tashqi tomon quvurlarining muzlab qolishi oqibatida ortiqcha bugʻ toʻplanib, ichki bosim yuqori darajada ortib ketishi natijasida portlash hodisasi sodir boʻlgan. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Portlash natijasida shu yaqin atrofda faoliyat olib borayotgan xodimlar P.A. va B.A. lar zarb tufayli tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan. Yana bir xodim N.X. tan jarohati olganligi sababli Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo filialiga yotqizilgan.
Voqea joyiga viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshliqlari hamda boshqa masʼullar, shuningdek, tezkor-tergov guruhi aʼzolari yetib kelishgan.
Mazkur holat yuzasidan Termiz shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam oʻlishiga sabab boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Olib borilayotgan tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling