Foto: Bosh Prokuratura
Toshkent viloyati Zangiota tumanida 17-yanvar kuni temiryo‘ldan o‘tayotgan erkakni poyezd bosib ketdi. Bu haqda “Millar” ko‘rsatuvida xabar berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat O‘zbekiston—O‘rta ovul temiryo‘l bekatlari oralig‘ida sodir bo‘lgan. 59 yoshli erkak himoya to‘sig‘idan oshib, yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan vaqtda poyezd urib yuborgan.
“O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘ldiki, yoshi taxminan 59 da bo‘lgan erkak panjaradan sakrab, temiryo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan vaqtida poyezd urib yuborgan”, — deydi Toshkent mintaqaviy temiryo‘l transportida XTB inspektori Ilhom To‘raqulov.
Transport prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Hasan Solihovga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling