Nukus voqealarida ayblanib, qamalgan IIVning sobiq xodimi qamoqxonada vafot etdi

Marhum sud hukmi bilan 6 yilga qamalgandi. Bosh prokuratura bergan maʼlumotga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV sobiq xodimi hibsxonada toʻsatdan vafot etgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

Nukusdagi tartibsizliklarda ayblanib, 6 yilga qamalgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV sobiq xodimi hibsxonada vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Polat Shamshetov Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 4-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan boʻlgan. 2023-yil 4-fevral kuni mahkum toʻsatdan vafot etgan.

Hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshligʻi, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari va xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

Qayd etilishicha, mazkur koʻzdan kechirish jarayonlarida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha (Ombudsman) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, P.Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlarining ham ishtiroki taʼminlandi.

Oʻlim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbi ekspertizasi tayinlangan.

Sud-tibbiy ekspertizasi ishchi guruhining dastlabki maʼlumotiga koʻra, marhum oʻpka arteriyasi tromboemboliyasi, oʻtkir yurak-qon tomiri yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan.

Hozirda Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling