Yana bir bolaning “Dok-1 Maks” isteʼmol qilgandan keyin vafot etgani tasdiqlandi

Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi oradan 18 kun oʻtib ma'lumotni tasdiqlagan

Foto: DXX

Foto: DXX

Oʻzbekistonda “Dok-1 Maks” siropini qabul qilgan yana bir bolaning oʻlimi haqida maʼlum boʻldi. Namangan viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi oradan 18 kun oʻtib, ijtimoiy tarmoqlarda paydo boʻlgan xabarlardan keyin ushbu maʼlumotni tasdiqladi.

7-yanvar kuni Kompromatuzb Telegram-kanali Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida uch yoshli bolaning oʻlimi toʻgʻrisida maʼlum qildi. Xuddi shu kuni viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi bemor 15-dekabr kuni tuman tibbiyot birlashmasida “shifoxonadan tashqari rivojlangan pnevmoniya, oʻtkir kechuvi ogʻir formasi, hazm faoliyatini funksional buzilishi, dispeptik holat, gipovolemiya ogʻir darajasi” diagnozi bilan davolanganini maʼlum qildi.

Bola 21-dekabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan viloyat filialida olamdan oʻtgan.

“Butun respublika boʻylab „Dok-1 Maks“ dori vositasining salbiy taʼsiri boʻyicha muammolar kelib chiqishi boshlaganidan keyin soʻrab oʻrganilganda, vafot etgan bemor onasining soʻzidan bu bemor xam uy sharoitida „Dok-1 Maks“ preparatini qabul qilganligi aniqlangan”, — deyiladi xabarda.

Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Abdulxodi Iminov 1-yanvar kuni OʻzA muxbiriga bergan intervyusida viloyatda ushbu dori bilan bogʻliq asoratlar kuzatilmaganini aytgan edi.

Shunday qilib, Oʻzbekistonda Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi dori vositasini qabul qilib vafot etgan bolalar soni kamida 20 nafarga yetdi. Samarqand bolalar markazida turli viloyatlardan kelgan 18 nafar bolaning oʻlimi qayd etildi. Keyinroq Qashqadaryoda ham bola oʻlimi haqida xabar berildi.

Tekshiruv natijasida bir ishlab chiqaruvchining (Oʻzbekistonga import qiluvchi — “Quramax Medikal”) “Doc-1 Max” va “Ambronol” dori vositalarining laboratoriya tekshiruvlari belgilangan tartibda oʻtkazilmagani tasdiqlandi, deb xabar qildi DXX. Dori partiyalarida etilenglikol topilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling