Buyuk Britaniya Alisher Usmonovning xoldingiga qarshi sanksiyalar kiritdi

Buyuk Britaniya ishbilarmon Alisher Usmonovning USM xoldingini, shuningdek, unga aloqadorligi aytilayotgan ikkita kompaniyani sanksiyalar roʻyxatiga kiritdi. UMS sanksiyalarni adolatsiz va asossiz deb hisoblashini bildirdi.

Foto: Ria Novosti

Foto: Ria Novosti

Buyuk Britaniya tadbirkor Alisher Usmonovning USM xoldingini sanksiyalar roʻyxatiga kiritdi. Hujjat qirollik hukumati saytida eʼlon qilingan.

Xoldingga qarshi sanksiyalarga izohlarda USM Usmonovga tegishli ekani yoki u tomonidan nazorat qilinishi, “Rossiya hukumatidan imtiyozlar olish yoki uni qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullangani”, shuningdek, Rossiya hukumati uchun iqtisodiyotning strategik ahamiyatga ega boʻlgan tarmoqlarida — qazib olish hamda raqamli texnologiyalar sohasida biznes yuritishi aytiladi.

Hujjatga koʻra, “qora roʻyxat”ga Alisher Usmonovga aloqador yana ikkita kompaniya — Curzon Square va Hanley ham kiritilgan.

“Biz Rossiya elitasi va ularga urush uchun pullarini yashirishga yordam bermoqchi boʻlganlar uchun [moliyaviy] tarmoqni yopyapmiz, — dedi Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli. — Biz ularni muvaffaqiyatli yashirilgan deb hisoblagan aktivlardan uzishda davom etamiz”.

Hujjatda aytilishicha, Alisher Usmonov va Roman Abramovichni qoʻllab-quvvatlagan Kiprning ikki fuqarosi — Demetris Ioannides va Xristodulos Vasiliadisga nisbatan ham sanksiyalar joriy etilgan. Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ularni offshor tuzilmalar va trestlarni yaratishda yordam bergan “professional yordamchilar” deb ataydi.

USM, Curzon Square va Hanleyʻga nisbatan sanksiyalar “Usmonovga aloqador aktivlar, jumladan Londondagi 90 mln funt sterlinglik Beechwood House qasri sanksiya ostida qolishini taʼminlaydi”, — deyiladi hisobotda. Tadbirkorning Londondagi idorasi vazifasini bajaruvchi hamda qasrni ijaraga berish bilan shugʻullanuvchi Curzon Square aktivlari muzlatiladi.

USM RBKga Buyuk Britaniyaning xolding va uning aksiyadorlariga nisbatan sanksiyalarini adolatsiz va asossiz deb hisoblashini maʼlum qildi. “Alisher Usmonov uzoq vaqtdan beri tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmagan, xoldingning 50 foizdan kamrogʻiga egalik qiladi va uni boshqarishda ishtirok etmaydi. Biz ushbu cheklovlarni noqonuniy deb eʼtiroz bildirmoqchimiz”, — dedi kompaniya vakili.

Sanksiyalar orasida rossiyalik tadbirkorlar Vladimir Yevtushenkov va Sulaymon Kerimovning oila aʼzolari ham bor edi. Sanksiyalar roʻyxatida USM egalaridan Vladimir va Varvara Skoch (ularni bir yil avval sanksiyalar ostida qolgan milliarder Andrey Skoch bilan bogʻlashadi), Yevtushenkovning oʻgʻli va qizi Feliks (“Sistema” inveskompaniyaning 15,2% aksiyalariga egalik qiladi) va Tatyana, Yevtushenkovning turmush oʻrtogʻi Natalya, ukrainalik siyosatchi Viktor Medvedchukning turmush oʻrtogʻi Oksana Marchenko, Suleyman Kerimovning qizi Gulnara ham tilga olingan.

Buyuk Britaniya Alisher Usmonovga qarshi sanksiyalarni 2022-yil 3-martda joriy qilgan edi. Bungacha tadbirkor Yevropa Ittifoqi (YEI) sanksiyalariga ham tushgandi. Tadbirkorning advokatlari Yevropa Ittifoqining unga nisbatan cheklov choralari Germaniya konstitutsiyasiga zid ekanligini isbotlamoqchi edi, deya xabar beradi Süddeutsche Zeitung.

2022-yil sentyabrida Yevropa Ittifoqi Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyevaga nisbatan cheklovlarni olib tashladi. Noyabr oyida FT Oʻzbekiston hukumati tadbirkorga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish talabi bilan Yevropa Ittifoqiga murojaat qilgani, unga huquqiy yordam koʻrsatishni taklif etgan boʻlishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Yanvar oyida Alisher Usmonov biznesni boshqarishdan uzoqlashish rejalari haqida maʼlum boʻlgan edi. Tadbirkor Oʻzbekiston rivojiga eʼtibor qaratish niyatida ekanligini bir necha bor taʼkidlagan.

Alisher Usmonov (sof boyligi — 14,4 mlrd dollar) USM xoldingining asoschisi va asosiy aksiyadori (49%) hisoblanadi. USM Metalloinvest va Megafon kompaniyalariga egalik qiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling