Foto: Open source
Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Peshku va Gʻijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan boʻlgan 2 ta shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, shamol elektr stansiyalari uchun Xitoydan shamol generator va turbinalar maxsus transport vositalari orqali olib kelinmoqda.
Xitoyning “Envision” kompaniyasi tomonidan ushbu stansiyalar uchun 158 ta turbina yetkazib beriladi.
Mazkur elektr stansiyalar 2024-yil yakunida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
“Stansiyalar toʻliq ishga tushirilgach, yiliga 3,6 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 1,1 mlrd metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi va atmosferaga 1 mln tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ushbu yirik loyihalar Prezidentning 2021-yil 23-fevraldagi qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling