Foto: Open source
2019-yil 26-iyun kuni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Oʻzbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov bundan bir necha kun avval shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.
2000-2015-yillarda Oʻzbekistonning bosh prokurori lavozimida faoliyat koʻrsatib kelgan Rashid Qodirov pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgandi.
Sud jarayoni 6 oyga yaqin davom etgan. Ish jarayonida “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi qonun talablariga muvofiq, yopiq tarzda oʻtkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning koʻrsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirilgan. 200 ga yaqin guvohlarning koʻrsatuvlari tinglanib, ish boʻyicha oʻtkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida toʻplangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilingandi.
Oʻzbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov 2018-yil fevralida qoʻlga olingan edi. Oʻshanda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) va 210 (pora olish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi.
Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ham Qodirov ozodlikka chiqqani haqida post qoldirib, sobiq bosh prokuror haqida olinishi kerak boʻlgan film koʻrsatilmaganini esladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling