Foto: Videodan kadr / Milliy TV
Qoʻqon pedagogika instituti yotoqxonasida qizlar xonasiga kamera qoʻyilgani sabab xizmat vazifasini suiisteʼmol qilgan 4 nafar masʼul xodimga chora koʻrildi. Jumladan, voqeada bevosita ishtirok etgan prorektor egallab turgan lavozimidan ozod etildi va bir nafar mutaxassisga intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.
“Vazirlik inson shaxsiy hayotiga oʻzboshimchalik bilan aralashish, shaxsiy maʼlumotlarni ochiqlashga urinish kabi xatti-harakatlarni qattiq qoralaydi. Ushbu holatni talaba-qizlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish deb baholaydi. Hech kim inson erki va shaxsiy hayotiga daxl qilishga haqi yoʻq, deb hisoblaydi”, - deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, voqea ishtirokchisi boʻlgan qizlarning tazyiqsiz taʼlim olishlari kafolatlanadi.
Oʻz navbatida, huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Qoʻqon davlat pedagogika institutining talabalar yotoqxonasida yashovchi qizlar ularning xonasiga yashirin kuzatuv kamerasi oʻrnatilgani haqida shikoyat qilib chiqishgandi. Shundan soʻng, tekshiruv oʻtkazilganda, xonaga haqiqatda kamera oʻrnatilgani aniqlandi.
Institut rektori holat yuzasidan bayonot berib, bu xona talabalarning ruhiy holatlarini barqarorlashtirish hamda oʻqish jarayonidagi stress holatlarini oldini olish boʻyicha maxsus xona sifatida tanlab olingani ammo qizlar bundan ogohlantirilamaganini maʼlum qilgandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling