Foto: Videodan lavha
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida shifokor kaltaklangani haqida xabar berilgan edi. Viloyat IIB matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Qayd etilishicha, 9-yanvar kuni 14:30 larda Boysun tumani “Kosiblar” mahallasida joylashgan Boysun tumani tibbiyot birlashmasida ishlovchi shifokorni ikki nafar mahalliy fuqaro urib tan jarohati yetkazgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, ular oʻrtasida shaxsiy masala yuzasidan tortishuv kelib chiqqan. Oqibatda kelishmovchilik janjalga aylanib, shifokor olgan tan jarohati tufayli hushini yoʻqotgan.
Soʻng jabrlanuvchi tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga burun suyagining yopiq sinishi, oʻng koʻz olmasi kontuziyasi, oʻng yuqori jagʻ jarohati tashxisi bilan yotqizilgan.
Xabarga koʻra, hozirda shifokorning ahvoli oʻrta ogʻir. Davo muolajalari belgilangan standartlar asosida olib borilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan 10-yanvar kuni Boysun tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-modda 2-qismining “b” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling