Navoiyda sifatsiz “dom” qurayotgan kompaniya masʼullari javobgarlikka tortildi

Sifatsiz bajarilgan gazoblok terish ishlari 15 kun avval hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan aniqlanib, joyida buzdirib tashlangan.

Foto: Minstroyuz

Foto: Minstroyuz

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Zarafshon shahrida “Zarafshan golden group” MCHJ tomonidan qurilayotgan 12 qavatli turar-joy binosining holati aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarida obyektning yigʻma temir-beton konstruksiyalar asosida ramali tipda qurilishi koʻzda tutilgan. Tashqi tomondan toʻldiruvchi sifatida gazoblok qurilish materialidan foydalanish koʻrsatilgan.

Aynan videolavhada aks etgan gazoblok toʻldiruvchi materialining asosga mahkamlanish tartibi loyiha hujjatlarida koʻrsatilmaganligi, bogʻlash, mustahkamlash chizmalari va qirqimlari loyihaga aniq kiritilmaganligi sababli, Navoiy viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan “ToshuyjoyLITI” AJ Navoiy filiali masʼul xodimi J.Rustamovga, gazoblok materialining normativ talablarga zid ravishda montaj qilinishi boʻyicha “Zarafshan golden group” MCHJ masʼul xodimi A.Xojiyevga, shuningdek, qurilish-pudrat va loyiha tashkilotining tegishli vakillariga ham takroriy ravishda MJtKning 99-moddasi tegishli qismlariga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Vazirlik bergan maʼlumotga koʻra, sifatsiz bajarilgan gazoblok terish ishlari 15 kun avval hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan aniqlanib, joyida buzdirib tashlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling