Videodan kadr
Jinoyat ishlari boʻyicha Yangihayot tumani sudida bezorilik jinoyatini sodir etgan 2000-yilda tugʻilgan qizga oid jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Bu haqda Oliy Sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, sudlanuvchi qiz Yangihayot tumanidagi mahallarning birida yoʻldan oʻtib ketayotgan qizni turli soʻzlar bilan haqorat qiladi. Shundan soʻng, ular oʻrtasida janjal yuzaga keladi.
“U qiz qoʻshnim bilan turgan ekan. Ular bilan soʻrashganimda qiz menga ”derskiy“ muomala qildi. Ketayotgan joyimdan orqaga qaytib, buning sababini soʻradim. Keyin, u meni yomon gaplar bilan haqorat qildi. Ja zerikib qolibdilar, borib urmoqchi boʻldim”, - deydi sudlanuvchi qiz.
Shundan soʻng, u jabrlanuvchini kaltaklab, unga tosh otadi. Otilgan tosh jabrlanuvchiga emas, ularni ajratayotgan 51 yoshli ayolga borib tegadi.
Qizning aytishicha, u jabrlanuvchi urayotgan vaqtida yiqilib, yuzi qonab ketgan. Uyiga qaytib kirganida, qonni koʻrgan sudlanuvchining onasi jahli chiqib, jabrlanuvchining uyiga borib, ular bilan gaplashib olmoqchi boʻlgan.
U yerda sudlanuvchi qiz gultuvak, choynak-piyolalarni va xonadonning derazalarini sindirib tashlagan.
“Oilamdan kelib chiqqan holda aytaman, dadam olamdan oʻtib qolgan. Bulardan kechirim ham soʻradim. Qoʻlimdan kelsa yaxshilik ham qilaman”, - deydi sudlanuvchi qiz.
Maʼlum qilinishicha, bundan avval ham qiz ikki marta maʼmuriy sudlangan.
Sud mazkur jinoyat ishi yuzasidan uz hukmini oʻqidi. Unga koʻra, sudlanuvchiga nisbatan 1 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling