Foto: Anadolu
Qahramonmarash zilzilasidan deyarli 11 kun oʻtib Turkiyadagi Antokiya shahrida ikki erkak — 26 yoshli Mehmet Ali Shakiroʻgʻli va 34 yoshli Mustafo Avji vayronalar ostidan qutqarib olindi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar qildi.
Qutqaruvchilar guruhi Antokiyaning Odaboshi koʻchasida vayron boʻlgan uyning plitalari orasiga qisilib qolgan ikki fuqaroni aniqlagan. Tezkor harakatlardan soʻng ular 26 yoshli Mehmet Ali Shakiroʻgʻli va 34 yoshli Mustafo Avjini vayronalar ostidan olib chiqishga muvaffaq boʻlgan.
Ular Qahramonmarashdagi zilziladan 261 soat oʻtib qutqarilgan va birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, shifoxonaga yetkazilgan.
Avvalroq, qutqaruvchilar Turkiya janubi-sharqidagi zilziladan 248 soat oʻtib, vayronalar ostidan bir qizni tiriklayin chiqarishga muvaffaq boʻlgani haqida xabar berilgandi.
Maʼlumot uchun, Tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) Turkiyadagi zilzila qurbonlari soni 36 187 nafarga yetganini maʼlum qildi. Agentlik maʼlumotlariga koʻra, jarohatlanganlar soni 108 068 nafarni tashkil qiladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling