Oʻzbekiston Interpoli tomonidan qidirilayotgan jinoyatchi Shvetsiyada ushlandi

Toshkent va Stokgolm Interpol MMBning hamkorlikdagi harakatlari natijasida, ilk bor Shvetsiyadan jinoyatchi Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Foto: IIV

Foto: IIV

Interpolning Oʻzbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan xalqaro qidiruvda boʻlgan shaxsni ekstraditsiya qilish Shvetsiyadan birinchi marta amalga oshirildi, deya xabar bermoqda IIV axborot xizmati.

Toshkent va Stokgolm Interpol Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi harakatlari natijasida Shvetsiyadan birinchi marta jinoyatchi Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi.

“Qidirilayotgan shaxs noqonuniy boyish maqsadida bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, puxta oʻylangan rejaga muvofiq, tegishli hujjatlarni qalbakilashtirish orqali koʻchmas mulkni sotish bilan shugʻullangan va oʻzining ushbu firibgarlik harakatlari orqali katta moddiy zarar yetkazgan.

Olingan maʼlumotlarga koʻra, jinoyatchi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hududida yashiringan, ammo tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qidiruvdagi shaxs Shvetsiya hududida aniqlangan va hibsga olingan”, — deyiladi xabarda.

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasining ekstraditsiya toʻgʻrisidagi iltimosnomasi qanoatlantirilganidan soʻng, jinoyatchi Interpol MMB xodimlari hamrohligida Oʻzbekistonga olib kelindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling