Shavkat Mirziyoyev harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va armiyani raqamlashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident mtabuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini yana-da rivojlantirish, robotlashgan va avtonom majmualardan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar taklif etildi.
Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Raqamli texnologiyalar bosh boshqarmasi, Sunʼiy intellekt texnologiyalari departamenti va Kiberxavfsizlik laboratoriyasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Respublikaning barcha hududlarida uzluksiz va barqaror aloqani taʼminlash maqsadida Sunʼiy yo‘ldosh aloqa markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mudofaa sohasida yagona raqamli siyosatni yuritish maqsadida mudofaa vazirining raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.
Harbiy okruglarda esa qo‘mondonlarning raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Taqdimot yakunida Oliy Bosh Qo‘mondon armiyani yana-da raqamlashtirish, qo‘shinlarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlari va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan hujjatlarni imzoladi.
Mutasaddilar oldiga mudofaa sohasini to‘liq raqamlashtirish, milliy sunʼiy intellekt modellarini yaratish va malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar qo‘yildi.