Shavkat Mirziyoyev sunʼiy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shu maqsadda tibbiyot, energetika, transport, bojxona, soliq, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga oid 130 dan ziyod maʼlumotlar bazasini tizimlashtirish, ular bilan ishlash muhitini shakllantirish hamda sunʼiy intellekt modellarini joriy qilish rejalari ko‘rib chiqildi.
Taqdimotda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning sohaviy yo‘nalishlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan:
- sog‘liqni saqlashda insult va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash, tibbiy ko‘rik jarayonlarini avtomatik bayonlashtirish, raqamli tibbiy yordamchi dasturlarni joriy etish;
- qishloq xo‘jaligida ekinlar hosildorligini prognoz qilish, fitosanitar xavflar bo‘yicha fermerlarning xabardorligini ta‘minlash, yaylovlarning holatini monitoringini uyushtirish;
- transport sohasida yo‘l qoplamalari va temir yo‘l infratuzilmasini monitoringini o‘tkazish, haydovchini xavfli vaziyatlardan ogohlantirish, “aqlli” transport tizimlarini rivojlantirish;
- qurilish va sanoatda esa qonunbuzarliklarni aniqlash, smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish muddatini qisqartirish, videotahlil orqali ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish kabi loyihalarni kengaytirish nazarda tutilgan.
2030-yilgacha axborot texnologiyalari sohasida 300 ming yoshning bandligini taʼminlashga qaratilgan choralar ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun hududlarda raqamli ekotizimni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportbop xizmatlar ko‘lamini oshirish va startaplarning o‘sish nuqtalarini ko‘paytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan Samarqand, Namangan, Sirdaryo va Buxoroda IT-Parkning yangi filiallari, Nurafshon shahrida esa raqamli R&D markazini tashkil etish bo‘yicha rejalar haqida axborot berildi.
Nurafshon shahrida 7,3 gektar maydonda tashkil etiladigan mazkur markaz doirasida 6 ta yuqori texnologiyali laboratoriya, sunʼiy intellekt uchun 200 ta GPUli hisoblash markazi, startap kampusi va tijoratlashtirish markazini barpo etish ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etib, uni 2027-2031-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda raqamli taʼlimni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
“5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida 1 milliondan ortiq boshlang‘ich kurs tinglovchilari, 300 mingdan ziyod o‘rta bosqich tinglovchilari va 1,5 ming professional darajadagi mutaxassis tayyorlangani aytildi. Endi maktablarda sunʼiy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklif qilindi.
Shu bilan birga, maktablarda raqamli infratuzilma holati tahlil qilindi. Hozirda 69 foiz maktablarda Wi-Fi zonasi umuman mavjud emasligi, 5 mingta kompyuter sinfi maʼnan eskirgani, 2 mingta maktabda esa bunday xonalar yo‘qligi qayd etildi.
Shu bois, 2030-yilgacha 16 mingta kompyuter sinfxonalarini yangilash, maktablarni bepul Wi-Fi nuqtalari bilan taʼminlash va internet tezligini oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligi taʼkidlandi.
Yig‘ilishda mahalliy AT yechimlaridan foydalanishni kengaytirishga ham alohida urg‘u berildi. Davlat ishtirokidagi korxonalar va banklardagi dasturiy mahsulot va axborot texnologiyalari xizmatlarining kamida 45 foizini mahalliylashtirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan davlat korxonalari va banklar tomonidan AT xizmatlar import qilinishida majburiy tartibda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi bilan kelishish tizimini joriy qilish, buyurtmalarni IT-Park rezidentlariga yo‘naltirish taklif etildi.