Toshkentda sifatsiz uy qurgan tadbirkor sakkiz yilga qamaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda yangi qurilgani aytilgan koʻp qavatli uy devorlari ichidan darz ketgani aks etgan videolar tarqalgandi.

Videodan lavha

Videodan lavha

Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining maʼlum qilishicha, Mirzo Ulugʻbekning Magʻrur koʻchasidagi 55B-uy 2017-yilda fuqaro B.Zokirov tomonidan oʻzi va oila aʼzolarining yashashi uchun yakka tartibdagi uy-joy sifatida qurilgan va fuqarolarga alohida kvartira sifatida oʻzboshimchalik bilan rekonstruksiya qilingan va sotilgan.

Qayd etilishicha, barpo etilgan uy ekspertizadan oʻtkazilgan va uning xulosasiga koʻra, qurilishning bir nechta talablari buzilgan. Bino seysmik zonada qurilish oʻtkazish talablariga javob bermasligi ham aniqlangan. Hozir uy avariya holatida.

Fuqarolarga aldov yoʻli bilan uy sotgan B.Zokirov esa 2022-yilning iyun oyida JKning 186-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatishda odamlar oʻlimiga, boshqacha ogʻir oqibatlarning kelib chiqishi), 168-modda 4-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdorda firibgarlik) va 229-moddalari (oʻzboshimchalik) bilan aybli deb topilgan va 8 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ayni vaqt fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida sud organi tomonidan kompensatsiya pulini undirish uchun sud jarayonlari davom etmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling