Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi sobiq o‘rinbosari porani qaytarib berayotganda ushlandi

Shuningdek, Samarqandda tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari ham qo‘lga olingan.

Soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari va sobiq hokim o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Bulung‘ur tumanida faoliyat yurituvchi “Buxgalteriya markazi” DM hisobchisi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalikka nisbatan hisoblangan 150 mln so‘mlik soliq qarzdorligini kamaytirib berishni vaʼda qilgan.

U bu ishni mansabdor tanishlari orqali hal qilishini aytib, xo‘jalik rahbaridan dastlab 3 mln so‘m olgan. 

So‘ngra, u fermerdan qo‘shimcha tarzda 15 mln so‘m talab qilgan.

Hisobchi ushbu pulni Bulung‘ur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari bilan birga olgan vaqtida ushlandi.

2025-yilda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan shaxs 1986-y.t. fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yishni vaʼda qiladi.

Buning evaziga 14 mln so‘m olgan. Ammo, u bergan vaʼdasini bajarmagan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda hozirda sobiq hokim o‘rinbosari bo‘lgan mazkur shaxs muqaddam olgan pul hisobidan 1000 dollarni qaytarib bergan vaqtida ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling