O'zbekistonda 2022-yilda 58,4 mlrd so'mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi

Birgina dekabr oyida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida hududlar boʻyicha 719 ta isteʼmolchi tomonidan 35,5 mln kilovatt soat miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani maʼlum boʻlgan

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Oʻzbekistonda 2022-yilning 11 oyi davomida tadbirkorlik subyektlari tomonidan 58,4 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan 2022-yilning 11 oyi davomida bu yoʻnalishda 499 ta tadbirkorlik subyektida tekshiruvlar oʻtkazilib, 133,3 mln kilovatt soat, yaʼni 58,4 mlrd soʻm miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

2022-yilning dekabr oyida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida hududlar boʻyicha 719 ta isteʼmolchi tomonidan 35,5 mln kilovatt soat miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani maʼlum boʻlgan. Bunday holat tufayli energetika tizimiga 15,7 mlrd soʻm qiymatda zarar keltirilgan.

Misol uchun, Sirdaryo viloyatining jami isteʼmolchilarining bir kunlik elektr energiyasi isteʼmoli 5,5 mln kilovatt soat boʻlib, ushbu koʻrsatkichga asosan Sirdaryo viloyatining oʻrta hisobda 1 haftalik hajmdagi elektr energiyasi isteʼmoliga teng miqdorni tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlarini hududlar kesimida tahlil qilinganda eng koʻpi Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida aniqlangan. Masalan, Samarqand viloyati Ishtixon tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Maroqand sifat tekstil” MCHJda 2,3 mlrd soʻm, Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida joylashgan Spring Colours Industriy MCHJda 1,4 mlrd soʻm, Andijon shahrida faoliyat yuritib kelayotgan “F.X.S” MCHJda 684,17 mln soʻm qayta hisoblash ishlari amalga oshirilgan.

Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrilib, ularning elektr uskunalari tarmoqdan ajratilgan. Keltirilgan zararni qoplash yuzasidan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga kiritilib, undirish choralari koʻrilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling