Jizzaxda suv bochkasi ichidan erkak murdasi topildi

Erkak topilishidan taxminan 20-25 kun avval oʻlgan

Videodan lavha

Videodan lavha

Jizzax viloyatining Forish tumanidagi yer maydonidagi bochka ichida nomaʼlum shaxsning murdasi topildi. Bu haqda “Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” informatsion dasturida maʼlum qilindi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli tartibda surishtiruv va oʻrganish ishlari olib borilishi natijasida marhumda qotillik bilan bogʻliq yoki boshqa jarohat izlari topilmagan.

Forish tumanining togʻ etagida joylashgan “Sayyod” mahallasida suv zaxiralashga moʻljallangan bochka ichidan 4-yanvar kuni topilgan jasad Bosh prokuraturaning maʼlum qilishicha, 50-55 yoshlar atrofidagi erkak kishiniki.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga koʻra, marhum sovqotishi natijasida vafot etgan va unda tan jarohatlari aniqlanmagan. Topilishidan taxminan 20-25 kun avval oʻlgan.

Koʻzdan kechirish vaqtida marhumning shimi choʻntagidan 52 ming soʻm pul va kostyumi choʻntagidan ikki dona daftar chiqqan. Uning nega va qanday qilib bochka ichiga tushgani nomaʼlum.

Hozirda holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan tegrovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling