Videodan kadr
Joriy yilning 3-fevral kuni Jizzax viloyati Paxtakor tumanida IIO xodimlari qalbaki pullarni muomalaga kiritayotgan shaxslarni fosh etdi.
Aniqlanishicha, nomaʼlum shaxs tomonidan 4 300 000 soʻm miqdordagi qalbaki pulni paynet orqali bank plastik kartasiga tushirib olganligidan xabar topgan. Oʻtkazilgan ekspertiza pullarning soxtaligini tasdiqladi, deya xabar bermoqda Jizzax viloyati IIb matbuot xizmati.
Unga koʻra, holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib IIO xodimlari tomonidan surishtiruv davomida ushbu Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Havaslik mahallasi hamda Jizzax shahrining Mirzo Ulugʻbek mahallasidan yashovchi ikki nafar shaxs ushlandi. Gumonlanuvchilardan 10 dona paynet cheki, 39 dona bank kvitansiyasi va 1 dona bank plastik kartasi hujjatlashtirib olingan.
Shuningdek, ushbu shaxslarning koʻrsatmasi asosida 4 ta paynet shoxobchasidan 4 yarim million soʻm miqdordagi qalbaki pullar olindi.
Qolaversa ayblanuvchilardan biri Mirzo Ulugʻbek mahallasida joylashgan qurilishi tugallanmagan koʻp qavatli binoga yashirib qoʻygan 18 million soʻm miqdordagi qalbaki pullar hujjatlashtirib olindi. Surishtiruv jarayonida gumonlanuvchilardan biri qalbaki pullarni Samarqand viloyati Payariq tumani Xoʻjaismoli mahallasida istiqomat qiluvchi shaxsdan sotib olganligini bildirgan.
Aniqrogʻi u qalbaki 28 million soʻmni 18 million soʻmga sotib olgan.
“Jizzax shahar Bobur mahallasida joylashgan paynet shoxobchasiga 2 million soʻm qalbaki pullarni berib oʻzimning shaxsiy plastik kartamga tashlattirib oldim”, — dedi ayblanuvchi.
IIO xodimlari Samarqand viloyati Payariq tumani Xoʻjaismoli mahallasida yashovchi shaxsni qoʻlga olishganida u 200 ming soʻmlik qalbaki kupyuralarni 60 ming soʻmdan Buxoro viloyati Buxoro shahri Piridasgir mahallasida yashovchi shaxsdan sotib olganligini bildirdi.
“Mening qoʻlimda naqd pul boʻlmaganligi sababli Jizzaxga qaytib kelib, avtomashinamni garov sifatida qoʻyib 23 million soʻm naqd pullarni olib, Samarqand shahriga bordim. Shundan soʻng 18 million soʻm haqiqiy pullarni berdim. Menga oʻzi bilan birga olib kelgan qalbaki pullarni berib, mashinadan tushayotganda menga tayinladi. Qalbaki pullarni «kraska”si, laki yaxshi qotmagan, hidi bor, uyga borib quritib qoʻying deb aytdi», — dedi ayblanuvchi.
Jizzax viloyati IIB JQBning korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari Buxorolik hamkasblar bilan birgalikda tezkor tadbirni davom ettirib, Buxoro shahrining Furqat mahallasi hududida 30 million soʻmni 100 million soʻm qalbaki pulga almashtirgan shaxsni qoʻlga oldi. Koʻp oʻtmay soxta pullarni tayyorlashda ishtirok etgan Buxoro shahrining Furqat hamda Murtazoyev mahallasida yashovchi 3 nafar shaxs ushlandi. Ularning turar joyidan 336 million 400 ming soʻm soxta pul, 4 ta kompyuter jamlanmasi, 5 dona printer, 3 dona qogʻoz kesish moslamasi va 35 dona rangsiz laklar hujjatlashtirib olindi.
Umumiy hisobda gumonlanuvchilardan 462 million 400 ming soʻm qalbaki ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olinib, tarkibida 6 kishi boʻlgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi va ularning barchasi vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.
Ayni paytda yuqoridagi holatlar yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling