Bangkokdan Moskvaga uchayotgan samolyot janjal tufayli Samarqandga shoshilinch qo'ndi — video

Favqulodda qo‘nishga homilador ayolda bevaqt to‘lg‘oq boshlangani ham sabab bo‘lgan

Foto: TASS

Foto: TASS

Rossiyaning Moskva — Bangkok yo‘nalishidagi reysni amalga oshirayotgan “Aeroflot” aviakompaniyasi samolyoti shoshilinch ravishda Samarqandga qo‘ndi, bunga bir ayolning salomatligi yomonlashgani sabab bo‘ldi, deb yozadi “RBK” kompaniya matbuot xizmatiga tayanib.

Samolyot qo‘nganidan keyin yo‘lovchi ayol shifokorlar qo‘liga topshirilgan. O‘zbekiston aeroportlari matbuot xizmatiga ko‘ra, favqulodda qo‘nishga homilador ayolda bevaqt to‘lg‘oq boshlangani sabab bo‘lgan.

Shuningdek, reys chog‘ida ikki yo‘lovchi o‘rtasida ziddiyat ham yuzaga kelgan, ular Samarqand aeroportida huquq-tartibot organlariga berilgan. Bortda 364 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.

Baza Telegram-kanali yozishicha, yo‘lovchilardan biri styuardessadan “alohida munosabat”da bo‘lishni talab qilgan, rad javobi olgach, uni itarib yuborgan.

Erkakning tanobini tortib qo‘yishgan, ammo to‘polon tufayli homilador ayolning mazasi qochgan. Mash ma’lumotlariga ko‘ra, bezori o‘zini Krasnoyarsk gubernatori Aleksandr Ussning o‘g‘li deb tanishtirgan (ayni paytda Artyom Uss Italiya qamoqxonasida saqlanmoqda).

“Aeroflot” vakili so‘zlariga ko‘ra, samolyotni reysni davom ettirish uchun tayyorlash vaqtida paydo bo‘lgan texnik sabablarga ko‘ra, havo kemasini parvozni amalga oshirishni davom ettirishdan chetlatishga qaror qilingan. Odamlarni Moskvaga yetkazish uchun kamroq sig‘imli ikkita zaxira samolyoti qo‘llanilgan. Yo‘lovchilarning bir qismi “Aeroflot”ning Samarqand—Moskva muntazam reysiga o‘tkazilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling