Bugun, 13-yanvar kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida “Quramax Medical” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani bekor qilish va qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarish boʻyicha ochiq sud jarayoni boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oliy Sud Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sudning hal qiluv qarori bilan “Quramax Medical” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019-yil 10-dekabrdagi P6580-sonli litsenziya bekor qilinishi va qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yoʻq qilinishi belgilandi.
Mazkur iqtisodiy ish boʻyicha taraflar eʼlon qilingan hal qiluv qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda shikoyat qilish mumkin.
Sudning huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ushbu hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmasa, qabul qilinganidan keyin oʻn kun oʻtgach qonuniy kuchga kiradi.
Shuningdek, mazkur iqtisodiy ishga doir vakolatli idora va mansabdor shaxslarning xatti-harakati yoki harakatsizligi yuzasidan qonun talablari buzilganligi boʻyicha huquqiy baho berish haqida xususiy ajrim chiqarilib, Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilishi belgilangan. Ushbu ajrim ustidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling