Foto: Bosh prokuratura
Navoiy viloyati Navbahor tumanida hujjatlarni qalbakilashtirib, 9 gektar yerni talon-taroj qilgan tadbirkor qoʻlga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilgan. Oʻtkazilgan tadbirlar davomida “F.G.F” xususiy korxonasi rahbari tomonidan Navbahor tumani “Navkar” mahallasi hududidan tuman hokimining qaroriga asosan xususiy korxonaga baliqxona barpo etish uchun 10 yil muddatga ijara huquqi bilan ajratilgan jami 9,2 gektar yer maydoni hujjatlari qalbakilashtirgani aniqlangan.
Maʼlum qilinishicha, u 4,8 gektari yaylov yeri, 4,4 gektari baliqlarga ozuqa yetishtirish uchun ekin yer maydonining umumiy 8,8 gektar qismiga yengil konstruksiyali omborxona, qorovulxona va ofis qurish uchun hujjatlarni qalbakilashtirib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga erishgan hamda sunʼiy baliq koʻli barpo etgan.
Holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling