Videodan lavha
Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh fuqarolar elektr energiyasi taʼminotida uzilishlar boʻlganligidan norozi boʻlib, elektr taʼminoti korxonasiga borib, janjal koʻtarishganligi, bir nafar ayol kishi korxona xodimiga pichoq bilan tahdid qilganligi haqida videoxabarlar tarqaldi.
Bosh prokuratura Matbuot xizmatining xabariga koʻra, ushbu hodisa 16-yanvar kuni Toshkent viloyatida sodir boʻlgan.
Aniqlanishicha, Chirchiq shahar Elektr taʼminoti korxonasining dispetcherlik punktida bir guruh aholi elektr energiyasi taʼminotida uzilishlar boʻlganligidan norozilik bildirgan. Shu paytda 35 yoshli ayol bezorilik harakatlarini oldini olish choralarini koʻrgan Chirchiq shahar elektr taʼminoti korxonasi elektr montyoriga qarshilik koʻrsatib, oʻzidagi oshxona pichogʻi bilan uni oʻldirish bilan qoʻrqitib, tahdid qilgan.
Mazkur holat boʻyicha Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling