Foto: UzNews
Joriy yilning 5-mart kuni taniqli bloger “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan Farhod Mannopov basseynda choʻmilayotib jarohat olgani va “Star Med Center” klinikasida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotida koma holatiga tushib, vafot etgani haqida xabar bergan edik.
SSV axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Farhod Mannopovning oʻlimi yuzasidan “Star Med Center” klinikasida oʻtkazilgan tekshiruv natijalari maʼlum boʻldi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi qoshidagi vebsayt.
“Bemor F.Mannopovga tibbiy xizmat koʻrsatishda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan yagona Nizomda belgilab berilgan bir qator litsenziya talab va shartlari buzilgan.
Xususan, Farhod Mannopov operatsiya qilingan “Star Med Center” klinikasida bemorga anesteziolog va reanimatolog sifatida xizmat koʻrsatgan shifokor J.Q.da malakaviy toifa boʻlmagan.
Anesteziolog va reanimatolog shifokorning malakaviy toifasini tasdiqlovchi amaldagi hujjat taqdim etilmagan”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, tibbiy faoliyat litsenziyasi talab va shartlariga vrach-mutaxassislarda tegishli tibbiy mutaxassislik boʻyicha oliy maʼlumot va malakaviy toifa hamda malaka oshirish boʻyicha amaldagi sertifikat mavjud boʻlishi shart.
Xuddi shunday, Farhod Mannopovning plastik jarroh shifokori ham yetarli tajribaga ega emas boʻlib chiqdi.
Mannopovga operatsiya vaqtida plastik jarroh shifokori sifatida xizmat koʻrsatgan shifokor E.A. Andijon davlat meditsina institutining davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yoʻnalishini 2019-yil 17-iyunda tugatgan.
Mazkur mutaxassisning ish staji besh yil boʻlmaganligi uchun undan davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yoʻnalishida tibbiy faoliyat yuritishi, shuningdek, plastik jarrohlik boʻyicha ambulator sharoitda bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatishi uchun malaka toifasiga ega boʻlishi talab etilmagan. Biroq, u bemor Mannopovga tibbiy xizmat koʻrsatishi uchun kamida birinchi malakaviy toifaga ega boʻlishi kerak boʻlgan.
Lekin “OMAD PLYUS” MCHJ tomonidan plastik jarroh shifokori E.A.ning malakaviy toifasi boʻlmagan bir vaziyatda bemorga tibbiy xizmat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilgan.
Bundan tashqari, bosh va burun sohasidan jiddiy jarohat olgan blogerga tibbiy xizmat koʻrsatgan laborant shifokor J.Sh. hamda ultratovush tekshiruvlari shifokori R.S.ning oʻzlari faoliyat yuritayotgan tibbiy ixtisosliklar boʻyicha malakaviy toifalarini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlar tekshiruvda taqdim etilmagan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling