Qo'qon pedagogika institutida qizlarning yotoqxonasiga yashirin kamera o'rnatildi

Holat yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xizmat tekshiruvi boshladi.

Foto: Kun.uz

Foto: Kun.uz

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Qoʻqon pedagogika instituti TTJ qizlar yashaydigan xonalaridan biriga kuzatish kamerasi yashirincha oʻrnatilgani aks etgan xabarlar tarqalgan edi.

Holat yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rasmiy bayonot berdi.

Maʼlum qilinishicha, bugun, 4-aprel kuni mazkur institut talaba qizlari vazirlikning rasmiy telegram botiga murojaat qilgan.

Vazirlik Axborot xizmati shikoyat qilgan qiz bilan suhbatlashgach, vazirlikning Fargʻona hududiy boshqarmasi masʼullari tomonidan Qoʻqon pedagogika institutiga borib, vaziyat oʻrganilgan. Oʻrganish natijasida qizlarning xonasiga haqiqatdan ham videokamera oʻrnatilgani aniqlangan.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishini va aybdor shaxslar aniqlangach, ularga nisbatan tegishli choralar koʻrilishini maʼlum qiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling