Hokimlar va sektor rahbarlari belgilangan ta'til vaqtida qayerda dam oladi?

Tasdiqlangan grafikka koʻra, jami 208 nafar tuman (shahar) hokimidan 46 nafari davolanish va sayohat qilish uchun xorijga chiqishi belgilangan

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Prezident administratsiyasi topshirigʻiga asosan, tuman va shaharlar hokimlari va sektor rahbarlarining mehnat taʼtiliga chiqishi va davolanishi ikki bosqichda oʻtkazilmoqda. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 1-10-yanvar kunlari birinchi bosqichda Toshkent shahri tumanlari hokimlaridan tashqari respublikadagi barcha tuman (shahar) hokimlariga taʼtil berilgan.

Tuman (shahar) hokimlari Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son va 2-son shifoxonalari, “Qibray”, Kasaba uyushmalari federatsiyasining “Chinobod Plaza”, “Turon” va “Oqtosh” sanatoriylarida, Rossiyadagi Oʻzbekiston sanatoriylarida sogʻligini tiklashi, shuningdek, boshqa xorijiy davlatlarda taʼtilga chiqishi belgilangan.

Tasdiqlangan grafikka koʻra, jami 208 nafar tuman (shahar) hokimidan 46 nafari davolanish va sayohat qilish uchun xorijga chiqishi belgilangan.

1-yanvardan taʼtilga chiqqan hokimlar ertaga, 11-yanvardan ishga qaytadi. Ikkinchi bosqichda, yaʼni 11-20-yanvar kunlari Toshkent shahri tumanlari hokimlari hamda respublikadagi barcha sektor rahbarlari va hokim oʻrinbosarlariga taʼtil beriladi.

Administratsiya topshirigʻiga koʻra:

viloyatlar prokurorlari va ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari – IIV Markaziy hospitalida;

viloyatlar soliq boshqarmalari boshliqlari – “Xumson” sanatoriysida;

tuman va shahar prokurorlari, ichki ishlar boʻlimlari va soliq inspeksiyasi boshliqlari – Kasaba uyushmasining hududlardagi sanatoriylari hamda viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida sogʻligini tiklaydi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimlarining oʻrinbosarlari, maslahatchilari, yordamchilari va tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari – Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son va 2-son shifoxonalari, “Qibray”, “Chinobod Plaza”, “Turon” va “Oqtosh” sanatoriylarida, Rossiyadagi Oʻzbekiston sanatoriylarida hamda xorijiy davlatlarda taʼtil oʻtkazadi.

Tuman va shahar hokimlarining oʻrinbosarlari hududlardagi viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida va Kasaba uyushmasining sanatoriylarida sogʻligini tiklaydi.

Taʼtil vaqtida mansabdorlarga sanʼatkorlar xizmatda boʻladi: sanatoriy va tibbiyot maskanlarida taniqli sanʼatkorlar ishtirokida madaniy tadbirlar tashkil etiladi. Bu topshiriq ijrosi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga yuklatilgan.

Uzbekistan Airways va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” raislariga mansabdorlarning taʼtil joylariga oʻz vaqtida yetib borishi va yashash manzillariga qaytishi uchun ularni yoʻl chiptalari bilan belgilangan tartibda taʼminlash topshirigʻi berilgan.

Qoraqalpogʻistonning birinchi rahbarlari, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, shuningdek, respublika darajasidagi mansabdorlarning taʼtil grafigi boshqa hujjatda belgilangan.

Maʼlum qilinishicha, bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev va Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boʻlib qaytgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling