Toshkentdagi “Chorsu” bozorida sotuvchilik qiladigan ayol hamkasbini qulogʻini tishlab, uzib oldi

28 va 29 yoshli ayollarning bu ishi sudda sudda koʻrib chiqilib, ularning ikkisi ham jazoga tortilgan.

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Toshkentdagi “Eski Juva” — “Chorsu” bozorida sotuvchilik qiladigan ikki ayol oʻrtasidagi janjal kelib chiqib, biri ikkinchisining qulogʻining bir qismini uzib olgan. Bu boʻyicha ish jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida koʻrib chiqildi, deya xabar berdi Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasi xulosasiga koʻra, 29 yoshli ayolga oʻng quloq solinchagi ezilib yirtilgan yarasi, chap yelka, chap boldir ichki, oʻng son va oʻng boldir sohalari qontalashlari, chap qoʻl 5-kaft suyagi sathi, oʻng lunj va oʻng tovon sohalari shilinmalari koʻrinishidagi badanning tuzalmaydigan darajadagi xunuklashishiga sabab boʻlgan qasddan ogʻir shikast yetkazilgan.

Qulogʻi tishlangan ayol ham raqibiga bir qancha jarohat yetkazgan. Biroq ekspertizasi chap yelka sohasi qontalashi, pastki lab ichki shilliq qavatiga qon qoʻyilishi koʻrinishidagi jarohatlarni sogʻliqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib keladigan yengil shikast deb topgan.

“Oʻsha kuni ertalabdan savdo qilish maqsadida ish joyimga keldim. Oradan biroz vaqt oʻtib, yonimga sotuvchi hamkasbim ham keldi. Bir necha soat vaqt oʻtganidan soʻng oldimizga xaridor keldi va mening mahsulotim yoqqanini aytdi. Hamkasbim unga mahsulotim Qashqadaryodan kelishi, sifati yaxshi emasligini aytib xaridorni qaytarmoqchi boʻlib harakat qila boshladi. Sherigim oʻz mahsuloti solingan qoshiqni uzatdi. Qoʻlini ortga itarib yuborganimdan soʻng, u meni tepdi. Soʻng esa u sochimga, men esa uning yoqasiga yopishdim”, deya sudda koʻrsatma bergan tishlongʻich ayol.

“Bir vaqt oʻng qulogʻimda kuchli ogʻriqni his qila boshladim va “qoʻyib yubor” deb baqirdim. Oʻsha yerdagi bir ayol sherigimning ustidan chelakda suv sepgach, u toʻxtadi va uning yuziga qaraganimda ogʻzi qon ekanini koʻrdim. Shok holatiga tushib, qulogʻimga qoʻlim bilan tekkan vaqtimda oʻng qulogʻimning yarmi yoʻq ekanini bildim, atrofdagilardan qulogʻimning uzilgan qismini qidirishni iltimos qildim", – deydi 29 yashar sudlanuvchi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan qulogʻining yarmidan ayrilgan ayol qasddan badanga yengil shikast yetkazishda aybdor deb topilib, BHMning 5 baravari (1 mln 5 ming soʻm) miqdorida jarimaga tortilgan. Tishlongʻich ayolga esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling