Foto: Repost.uz
Oʻzbekistonda 2022-yilda tadbirkorlarga nisbatan 20 928 ta qonunbuzilish holati sodir etilgan. Bu haqda Biznes-ombudsman matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Tadbirkorlarga nisbatan sodir etilgan 20 928 ta qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 2 591 ta taʼsir chorasi qoʻllanilib, shundan 2 126 nafar mansabdor va masʼul shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi va 5,1 mlrd soʻm jarima qoʻllanilgan.
Maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlarning hususiyatlari quyidagilar:
- 797 ta holatda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish;
- 675 ta holatda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish;
- 414 ta holatda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish;
- 240 ta holatda boshqa huquqbuzarliklarga toʻgʻri keladi.
Aniqlangan va koʻrilgan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar hududular kesimida Namangan viloyatida 243 tani, Samarqand viloyatida 205 tani, Toshkent shahrida 189 tani va Qashqadaryo viloyatida 183 tani tashkil etgan.
Shuningdek, ushbu koʻrsatkich sohalar kesimida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tizimida 321 ta, Soliq idoralarida 250 ta, Qurilish vazirligi tizimida 194 ta va Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tizimida 179 taga toʻgʻri kelgan.
Shu bilan birga, tadbirkorlar manfaatlarida 51,3 mlrd soʻmlik daʼvolar kiritilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijada noqonuniy qabul qilingan 198 ta qaror va hujjat bekor qilinib, 123 nafar masʼul shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, tadbirkorlarning 436 gektar yer maydoniga boʻlgan mulk huquqlari tiklangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling