Toshkentning 3 ta tumanida noqonuniy diniy taʼlim bergan shaxslarga chora koʻrildi

Sergeli, Mirobod va Shayxontohur tumanlarida 6 kishi noqonuniy diniy taʼlim berishda ayblanib, jazoga tortildi.

Foto: Toshkent shahar IIB

Foto: Toshkent shahar IIB

Joriy yilning fevral oyida professional diniy maʼlumotga ega boʻlmagan holda oʻzboshimchalik bilan shaxsiy diniy tushunchalarini boshqalarga pul evaziga sotishni kasb qilib olgan fuqarolarning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyilgan, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

Unga koʻra, Sergeli tumani IIO FMB tomonidan Toshkent shahri, Sergeli tumani, “Yangi Sergeli” mahallasida joylashgan “Yasin Academy” nomli oʻquv markazida arab tilini oʻrgatish bahonasida fuqarolarga noqonuniy ravishda diniy taʼlim berish holati aniqlangan.

Oʻquv markazi rahbari fuqaro A.N. arab tilini oʻqitishga tegishli ruxsatga ega boʻlmasdan, mehnat qonunchiligiga zid ravishda hech qanday shartnoma, buyruqlarsiz oʻzaro ogʻzaki kelishuv asosida fuqarolar N.Sh. va Sh.I.larni jalb qilib, 5 nafar voyaga yetmagan maktab oʻquvchilariga moddiy manfaatdorlik evaziga oʻz shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda noqonuniy diniy taʼlim bergan.

Mirobod tumanida fuqaro A.L. Telegramʻda “Tanishlarim” nomli virtual guruh tashkil qilib, hech qanday diniy bilimga ega boʻlmay turib, 3 nafar fuqarolarga moddiy manfaatdorlik evaziga onlayn tarzda noqonuniy diniy taʼlim berib kelganligi aniqlangan.

Shayxontohur tumani, “Boʻston” mahallasida ijarada yashovchi fuqaro K.K. va uning turmush oʻrtogʻi X.M.lar yashash manzilida moddiy manfaatdorlik evaziga 4 nafar voyaga yetmagan shaxslarga noqonuniy diniy taʼlim berganligi maʼlum boʻlgan.

MjtKning 241-moddasiga asosan (diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish) fuqarolar A.N.ga nisbatan BHMning 10 barobari miqdorida, Sh.I., K.K. va X.M.ga – 5 barobar, N.Sh.ga – 3 barobar, A.L.ga – 1 barobar miqdorda jarima jazosi tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling