Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti
Toshkent shahar Shayxontohur tumanida mast erkak kelishmovchilim sabab uyiga kelgan mehmonni shisha bilan urib, oʻldirdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea 7-yanvar kuni soat 11:00 da Tinchlik mahallasida sodir boʻlgan. Unga koʻra, ikki nafar fuqaro Yangi yil bayrami munosabati bilan spirtli ichimliklar sotib olgan, keyin ular gumonlanuvchining kvartirasida bayramni nishonlash uchun borgan.
Maʼlumotlarga koʻra, spirtli ichimlik isteʼmol qilishayotgan vaqtda ikki shaxsning oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Mazkur hodisa natijasida xonadon egasi tanishining boshiga qoʻlida boʻlgan shisha idish bilan bir marotaba urib, unga tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda jabrlanuvchi tez-tibbiy yordam kelguniga qadar “bosh chap tomon chakka sohasi tan jarohati” bilan hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksning 104-moddasi 3-qismi “D” bandi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumondor jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Tergov davomida, jinoyatning kelib chiqish sababi oʻrganilganda, shu kuni gumon qilinuvchining uyiga mehmonga kelgan tanishi, uning turmush oʻrtogʻi toʻgʻrisida aytgan gaplaridan jahli chiqib, oʻzining qoʻlida boʻlgan shisha idish bilan jabrlanuvchining bosh chakka qismiga urganligi aniqlangan.
Hozirda tergov ishlari davom etmoqda.
Taʼkidlanishicha, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga koʻra, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling