Sirdaryoda er kollej hovlisida xotinini pichoqlab oʻldirdi

Shundan soʻng, 40 yoshli er qoʻlidagi pichoq bilan oʻzini ham pichoqlagan.

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning xabar qilishicha, voqea 2-mart kuni soat 08:20 larda Yangiyer shahar tibbiyot kolleji hovlisida yuz bergan.

Shu shaharda yashovchi 45 yoshli U.R. Yangiyer shahar tibbiyot kollejining 2-bosqich talabasi boʻlgan turmush oʻrtogʻi 40 yoshli U.D. bilan tortishib qolgan.

Er kollejga xotinini qasddan oʻldirish maqsadida borib, oʻzi bilan olib kelgan oshxona pichogʻi bilan uning oʻng boʻyin, oʻng va chap koʻkrak, chap oyoq boldir sohalariga jami yetti marotaba urib, qasddan oʻldirgan.

Shundan soʻng er sodir qilgan jinoyati uchun javobgarlikdan qochish maqsadida qoʻlidagi pichoq bilan oʻzining boʻyin va koʻkrak sohalariga ikki marotaba urib, oʻziga-oʻzi ogʻir tan jarohatlari yetkazgan.

Ayol olgan tan jarohatlari bilan Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan, biroq koʻrsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.

Maʼlum boʻlishicha, bu oilaning 3 nafar farzandi boʻlgan.

Mazkur holat yuzasidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib dastlabki tergov harakatlariga kirishildi.

Jinoyat ishi boʻyicha Yangiyer shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling