Videodan kadr
Avvalroq, Toshkentda sportchi oʻz ayoli va oʻgʻlini kaltaklagani haqida xabar bergandik. Mazkur oila yashaydigan mahalla raisi hodisa yuzasidan maʼlumot berdi.
Uning aytishicha, ular bu mahallaga 3 yil avval koʻchib kelgan. Ushbu vaqt ichida oilada koʻp marotaba janjallar kelib chiqqan. 5-6-marta himoya orderi ham berilgan. Biroq ayol har gal arizasini qaytarib olgan.
“Er-xotin bir-birini yaxshi koʻradi. Mojarolar asosan rashk sabab yuzaga keladi. Soʻnggi janjal sodir boʻlgan kuni ayol 3 yoshli qizini olib, onasining uyiga ketib qolgan. Onasidan ota bolasini nega urganini soʻrasak, mashgʻulotlar vaqtida yaxshi mashq qilmagani sababli urganini aytdi”, - deydi u.
Mahalla raisi bolaning ayovsiz kaltaklanganiga hayron qolganini aytgan. Chunki, erkak aslida mehribon ota boʻlib, farzandlarini juda yaxshi koʻrgan. Ilgari u bunday harakat qilmagan.
Mazkur holat yuzasidan Yangihayot tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 110-moddasi (qiynash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Holat yuzasidan tergov davom etmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling