Foto: Prokuratura Departamenti
Yangiyoʻl, Jondor va Shahrixon tumanlarida tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiyoʻl tuman boʻlimi tomonidan “Uztransgaz” AJ xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Mazkur tekshiruvlar natijasida “Toshkent magistral gaz quvurlari” boshqarmasi masʼul shaxslari oʻz xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaraganliklari oqibatida, “H.G.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasining gaz hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir oʻtkazish orqali umumiy qiymati 10,7 mlrd soʻmlik tabiiy gaz noqonuniy foydalanilganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Jondor tuman boʻlimi tomonidan “Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda tekshiruv tadbirlari oʻtkazilgan. Unga koʻra, “A.z.” va A.A. MCHJ masʼul shaxslari tumandagi “Jondor 1” GTSning “Peshqandoq” qishlogʻi yoʻnalishidagi gaz quvuriga yashirincha ulanishib, “A.z.” MCHJ 4,8 mlrd soʻmlik, “A.A.” MCHJ 4,9 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departament hamda DXXning Shahrixon tuman boʻlim tomonidan “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshiruvda, ushbu filialning tuman boʻlimi muhandisi va boshqalar oʻzlarining moddiy javobgarligidagi umumiy qiymati 36,7 mln soʻmlik 68 dona gaz ballonlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 169-moddasi (oʻgʻrilik), 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling