Rahmatulloh Sayfuddinov yana “Minor” masjidi imom-xatibi etib tayinlandi

Hozircha mazkur ma’lumot rasman e’lon qilinmadi.

Foto: Mehrob.uz

Foto: Mehrob.uz

Rahmatulloh domla Sayfuddinov yana imomlikka qaytdi. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.

Rahmatulloh Sayfuddinov 2021-yil oktabrda Toshkent shahar bosh imom-xatibi etib tayinlangandi. 2022-yilning yanvarida o‘z xohishi bilan sog‘lig‘idagi muammolar sabab lavozimini tark etgan

Ma‘lum qilinishicha, Sayfuddinov endilikda faqat “Minor” masjidi imomi sifatida faoliyatini davom ettiradi. Ushbu masjidda imom-xatib bo‘lib ishlab kelayotgan Toshkent bosh imom-xatibi Abduqahhor Yunusov esa “Shayx Zayniddin” (Ko‘kcha) masjidiga imom-xatib etib tayinlangan. Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligi ham “Shayx Zayniddin” masjidiga ko‘chirilgan. Hozircha mazkur ma’lumot rasman e’lon qilinmadi.

Ma‘lumot uchun, Rahmatulloh Sayfuddinov 1975-yil 18-mayda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 1992-1995-yillarda o‘rta maktabni tugatgach, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida tahsil oldi. 1995–1997-yillarda talabalik davrida Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Oq tunikali” jome masjidida imom-xatiblik qilgan. 

2001–2003-yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida dars bergan. 2003-yilda Eronda o‘tkazilgan XIX Xalqaro Qur‘on musobaqasida ishtirok etgan. Faoliyati davomida Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor”, “Minor” jome masjidlarida imom-xatib, yangi tayinlanishigacha esa Yunusobod tumani bosh imom-xatibi va Yunusobod tumani “Mirza Yusuf” masjidi imom-xatibi lavozimlarida ishlagan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling