Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev poytaxt tumanlari hokimlariga murojaat qildi

“Ikki kun turib berishimiz kerak”, dedi hokim

Foto: ZOpen source

Foto: ZOpen source

Toshkent va Oʻzbekistonning boshqa hududlarida gaz bosimining keskin pasayishi kutilmoqda. Bu haqda 12-yanvar kuni poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev tumanlar hokimlari va boshqa masʼul rahbarlarga audiomurojaatida maʼlum qildi.

“Gaz keskin tushadi, nafaqat Toshkentda, boshqa hududlarimizda ham tushishi kutilyapti. Shuning uchun hozir butun shahardagi zapravkalarning hammasini oʻchiramiz. Faqat 4 ta gaz zapravka qoladi faqat oʻsha maxsus kommunal xizmatlarimizda. Ular ham hozir shahar transport salyarkaga oʻtadi gazdan. Keskin qisqartirishimiz kerak boʻladi. Butun fabrika, zavodlar, egasi kim boʻlishidan qatʼi nazar, qanday odam boʻlishidan qatʼi nazar, oʻchirishga majburmiz. Elektrini ham, gazini ham”, — dedi shahar hokimi.

Uning soʻzlariga koʻra, shahardagi hamma maxsus koʻchadan tashqari boshqa koʻchadagi yoritish chiroqlari, LEDʻlar oʻchiriladi.

“Ikki kun mana shunaqa vaziyat. Biz mana shu vaziyatda fuqarolarimiz koʻnglidan xabar olib, yolgʻiz qolganlarga issiq ovqat, qanday vaziyatlar boʻlsa yordam berishimiz kerak. Mana hozir 50 ta toʻyxona bilan gaplashildi, haqqini berildi. Bugundan boshlab 100 kilodan, 50 kilodan osh tarqatiladi. Hamma kirib yeyishi mumkin, togʻorachasida uyiga olib ketishi mumkin”, — deya qayd etdi u.

Jahongir Ortiqxoʻjayev rahbarlarga “ikki kun turib berishimiz kerak”ligini aytdi.

“Oʻzlaringiz ham yonlaringizda issiq ovqat qilasizlarmi, boshqa qilasizlarmi, yonlaringdan xarajat qilinglar, deb aytmayman. Kimda qanday xarajat kerak boʻlsa, mendan emas, mening yordamchilarimdan kelib pulini olinglar, naqd olinglar, lekin bu narsani qilinglar. Pul topolmasdan, mendan soʻramasdan eʼtiborsizlik qilsangizlar, juda koʻnglimni ogʻritadi… Hozir pulni sanab oʻtiradigan vaziyat emas, butun shaharda fuqarolarning koʻnglini iloji boricha koʻtarib, issiq ovqat bilan taʼminlab, muammolarini hal qilib, hamma tik oyoqda turadigan vaziyat…” — dedi hokim.

“Agar bugun turib bermasak, ertaga kech boʻladi. Bugun biz davlatga kerakmiz. Agar bugun bu ishni qila olmasak, bir tiyinga yaramas hokimlar, bir tiyinga yaramas sektor rahbarlari, boshqarma boshliqlari boʻlamiz”, — dedi Jahongir Ortiqxoʻjayev.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling