Foto: Telegram
Termizda savdogarlar “Yubileyniy” bozorining yangi joyga koʻchirilishi munosabati bilan norozilik namoyishi oʻtkazdi. Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, voqea 4-yanvar kuni sodir boʻlgan. Unga koʻra eski “Yubileynыy” bozor hududida noqonuniy savdo ishlari bilan shugʻullanuvchi shaxslarni shahar hokimining qarori bilan “Yashil dunyo” savdo markaziga koʻchirish ishlari amalga oshirilayotganda, bir guruh sotuvchilar norozilik bildirib, hokimiyat vakillariga qarshilik koʻrsatishgan va jamoat tartibini buzishgan.
Xabarga koʻra, barcha sotuvchilar oʻtgan yil davomida bir necha marotaba, oxirgisi joriy yilning 3-yanvar kuni davlat rahbarining 2017-yildagi PQ-2953-sonli Qaroriga muvofiq hamda shahar hokimining 2018-yildagi Q-1110-sonli Qarori asosida eski bozor hududida 4-yanvar kuni buzish ishlari boshlanishi haqida ogohlantirilgan.
Bozor hududiga jamoat tartibini tiklash uchun jalb qilingan IIO va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan 14 nafar huquqbuzarlar IIBga olib kelingan va ular bilan tushuntirish-profilaktik ishlari olib borilgan.
Holat yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan. 6 nafar fuqaroga 3 BRD (900 000 soʻm), 3 nafar fuqaroga 5 BRD (1,5 million soʻm) miqdorida jarima solindi, toʻrt nafar shaxs besh sutkalik maʼmuriy qamoqqa olingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling